Milliy qadriyatlar faqat bugun emas, balki hamma zamonlarda ham eng dolzarb siyosiy-ijtimoiy masalalar, jamiyatni sog’lom, ezgu maqsadlar sari birlashtirib, uning o’z muddaolariga erishishi uchun ma’naviy-ruhiy kuch-quvvat beradigan poydevor bo’lib kelgan. U har bir kishining oilasi, jamiyat, el-yurt oldidagi burch va ma’suliyatini qay darajada ado etayotganini belgilaydigan ma’naviy mezondir. Milliy qadriyatlar milliy istiqlol mafkuramiz bilan hamohang bo’lib, uning bosh g’oyasi - ozod va obod Vatan, erkin va farovon hayot barpo etishdir. Uning asosiy g’oyalariga qo’yidagilar kiradi: Vatan ravnaqi, yurt tinchligi, xalq farovonligi, komil inson, ijtimoiy hamkorlik, millatlararo totuvlik, dinlararo bag’rikenglik.