Har bir ijodkor adabiyot olamiga qadam qo`yar ekan, so`z san’atining murakkab qirralarini teran his etadi. Bu maydonda o`z o`rnini qoldirishga intiladi. Nazar Eshonqul adabiyotda falsafiy fikrlari, sirli, majoziy tasvirlari orqali alohida ajralib turadi. Adabiyotshunos U.Normatov bu haqida shunday yozadi: «Milliy adabiyotdagi har bir ijodiy hodisaning sababini tashqi omillardan emas, avvalo shu milliy zaminning o`zidan, real voqelikdan, zamona ehtiyojlaridan izlamoq darkor... Bu tamoyillar ayniqsa Nazar Eshonqul ijodida yaqqol namoyon bo`lmoqda. Muallifning «Maymun yetaklagan odam» va «Muolaja» asarlaridan tortib «Bevaqt chalingan bong», «Istilo», «Tobut» hikoyalarigacha - barchasi ifoda va talqin yo`sini jihatidan o`zbek adabiyotida yangi hodisa bo`ldi».