Ushbu ma`ruzalar matni Ijtimoiy-madaniy faoliyat yo`nalishi 1-bosqich talabalari uchun mo`ljallangan bo`lib, mazkur ma`ruzalar matnida IMF tarixi, ilmiy nazariyasi, madaniyat muassasalari tizimi va ularning vazifalari, ish shakllari, usullari hamda madaniy-ma`rifiy muassasalarini ish faoliyatidagi tamoyillar, madaniy-ma`rifiy soha xodimining tashkilotchilik qobilyati va kasbiy fazilatlari haqidagi fikrlar o`rin olgan. Arxeolog, tarixchi, etnograflar, san`atshunoslar bergan ma`lumotlarga qaraganda, madaniy - ma`rifiy faoliyat eng qadimgi davrlardayoq paydo bo’lgan va ibtidoiy odamlar xayotida muxim rol o’ynagan. Masalan, olimlarning qayd qilishlaricha “...bayramlarning, chuqur ildizlari insoniyatning go’daklik davriga borib taqaladi” yoki “bayram -insoniyat madaniyatining boshlang`ich shaklidir”, deb ta`kidlaganlar.
Ma`lumki, inson o’z mehnati tufayli hayvonot dunyosidan ajralib chiqqach, yashash uchun kurash jarayonida qanchalik ongli mehnat qilsa, u shuncha muvaffaqiyatlarga erishgan. Kurash va mehnatda erishilgan mavaffaqiyatlar esa xursandchilikni vujudga keltirgan. Bu jarayon ibtidoiy odamlar ovchilik bilan kun ko’rayotgan davrlarda yaqqol sodir bo’la boshlagan, chunki arxeologik qazilmalar va g`orlardan, shuningdek, Surxondaryo viloyatining Sherobod voxasidagi Zarutsoy darasining ikkala tomonida chizilgan rangli suratlarda qadimgi davrda yashagan ibtidoiy odamlar tomonidan chizilgan primitiv suratlarda asosan xayvonlar, ov qilish, ovchilar raqsi (ba`zan xayvonlar niqobida) kabi tasvirlar qadimgi odamlarning o’z mexnati ovi natijasini tantana qilganliklaridan dalolat beradi. Darxaqiqat ibtidoiy odam mexnati qanchalik samarali tugasa, qorni to’ygan, xursand bo’lgan va aksincha bo’lsa, och qolgan, xafa bo’lgan. Ovdan o’lja bilan qaytish va o’z mexnatidan manfaatdor bo’lish xursandchilik, shodiyona kayfiyatni yaratgan. Bu xolatda ovchilar ov jarayonini imo-ishora, maxsus xarakatlar xamda o’yin shaklida ifodalashga urinishgan.