“Psixologiya” so’zi ikkita grek so’zlaridan – “psyche” – jon, ruh va “logos” – ta’limot, ilm so’zlaridan iborat bo’lib, an’anaviy ma’noda inson ruhiy dunyosiga aloqador barcha hodisalar va jarayonlar uning predmetini tashkil etadi. Boshqacha qilib aytganda, psixologiyaning predmetini har birimizning tashqi olamni va o’z-o’zimizni bilishimizning asosida yotgan jarayonlar, hodisalar, holatlar va shakllangan xislatlar tashkil etadi. Psixologiya fanining bugungi kundagi vazifalari, tabiiy, uning predmetiga biroz o’zgarishlar kiritadi. Zero, inson ongi va qalbi uchun kurash muammosi butun dunyo miqyosida dolzarb turgan masala sifatida qaralishini inobatga olsak, jamiyatimizning har bir a’zosi, mustaqil yurt fuqarolari ongining milliy-madaniy muhit ta’sirida, milliy hamda umuminsoniy qadriyatlar asosida shakllanishi, ular qalbida sof imon va sog’lom dunyoqarashlar, mustaqil fikrlashning shakllanishi mexanizmlarini o’rganish ham fanning muhim predmeti hisoblanadi. Ayniqsa, buguni yoshlarda aniq maqsad va maslakning bo’lishi, milliy iftixor va g’urur tuyg’ularining to’g’ri tarbiyalanganligi yaxlit xalq va millat manfaatlari bilan uyg’undir. Psixologiya fan sifatida aynan har bir shaxsda o’ziga, yurtdoshlariga, turli faoliyat turlari hamda dunyoga nisbatan to’g’ri munosabatlarni shakllanishi yo’llarini ham o’rganishi kerak.