O’zbekistonda davlat mustaqilligi e`lon qilingandan buyon davlat va jamiyat hayotida chuqur o’zgarishlar sodir bo’ldi. Mazkur o’zgarishlar iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy, ilmiy, mafkuraviy, tashqi siyosat sohalarini qamrab olmoqda. Har bir jamiyatdagi demokratik o’zgarishlar va islohotlar muhim ahamiyatga ega bo’lib, davlatning shu sohadagi muammolarini o’rganish, bir tomondan, O’zbekistonda huquqiy islohotlarning yo’nalishlari va mezonlari, qadriyatlari va maqsadlarini aniq belgilashga yordam bersa, ikkinchi tomondan, mamlakatimizda, davlat va huquq qanday paydo bo’lgani, qanday rivojlangani, uning o’ziga xos xususiyatlari, shakl va ko’rinishlarini o’rganish zaruratini keltirib chiqaradi.