Respublikamizda Oliy ta’limni isloh qilishning keng ko’lamli dasturi amalga oshirilmoqda. Amalga oshirilayotgan islohotlarning asosini yangi, zamonaviy turdagi darslik va qo’llanmalar yaratilishi bilan izohlasa bo’ladi. Shu jumladan Andijon Davlat universitetida ham bu borada amalga oshirilayotgan ishlar, ayniqsa tahsinga loyiqdir. Ko’plab professor - o’qituvchilarimiz tomonidan yaratilgan darslik va o’quv qo’llanmalarning qator konkurs va tanlovlarda g’olib deb topilib, nufuzli mukofotlar bilan taqdirlanishi yuqoridagi fikrlarimizni tasdiqlaydi. Mualliflar ham bu jarayonga baholi qudrat o’z hissalarini qo’shish, ko’plab talaba va o’qituvchilarimiz oldida turgan qo’llanma muammosini bir qadar yechish maqsadida «Umumiy fizika kursi» dan kichik bir qo’llanma tayyorlashdi.
Ma’lumki, Universitetning umumiy fizika kafedrasida fizik bo’lmagan ixtisosliklar uchun ham umumiy fizika o’qitiladi. Ularning dars soatlarining turlicha ekanligi tufayli barcha ixtisosliklar uchun ishlatsa bo’ladigan ma’ruza matnga ehtiyoj tug’ildi. Ushbu matn umumiy fizika kursini barcha bo’limlarin o’z ichiga olgan qo’llanmadir. Qo’llanmadan fizik bo’lmagan barcha mutaxassislar va sirtqi bo’lim talabalari foydalanishlari mumkin.
Bu turdagi qo’llanma birinchi marta tayyorlanganligi sababli unda ayrim kamchiliklar uchrashi ehtimoldan xoli emas. Mualliflar qo’llanma haqida fikr-mulohazalarini bildirgan barcha o’rtoqlarga minnatdorchilik izhor etadi