Ushbu kitob aynan shu mulohazadan kelib chiqqan holda yaratilgan. Ota-bobolarimiz, ajdodlarimizning aql-zakovati, oltin qo`li ila IX — XII asrlardayoq kishi aqli bovar qila olmaydigan darajada nafis va nozik qilib ishlangan naqshlar qadimiy va navqiron Samarqand, Buxoro va Xiva devorlarida o`zini ko`z-ko`z qilib turibdi. O`sha davr uslubi bilan yuksak mahorat ko`rsatib qurilgan muhtasham binolar va bu binolardagi Sharq uslubiga xos o`ymakorlik naqshlari o`z taraqqiyotining cho`qqisiga ko`tarilganligidan guvohlik beradi. Bunday o`ymakorlik naqshlari bilan bir qatorda islomiy uslubda ishlangan naqshlar, ya`ni gul va novdalarning murakkab uslubdagi naqshlari va hozirgi kungacha yaxshi saqlanib kelayotgan tillada qorilib o`yilgan boshqa bezaklar ajdodlarimiz yuksak san`atining timsoli sifatida bugun ham hammani lol qoldirib turibdi. Qadimgi va o`rta asrlar me`morchilik obidalarini saqlash, o`rganish va muhofaza qilish hozirgi zamon yosh avlodni, mehnatkashlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda, xalqlarning baynalmilal do`stligini mustahkamlashda katta rol’ o`ynaydi. Shuning uchun ham o`tmish tarixiy va moddiy-madaniy yodgorliklarini o`rganish, muhofaza qilishning rolini oshirish muammolarini hal qilishga katta ahamiyat berilmoqda.