O’zbekiston Respublikasini siyosiy va iqtisodiy jihatdan rivojlantirish, uning ekologik barqarorligini ta`minlash davrimizning muhim vazifalaridan biri hisoblanadi.
O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimov «O’zbekiston XXI asr bo’sag’asida: xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari» kitobida: «Tabiiy va mineral - xom ashyo zaxiralaridan vahshiylarcha, ekstensiv usulda, juda katta xarajatlar va isrofgarchilik bilan foydalanishga asoslangan sotsialistik xo’jalik yuritish tizimining butun mohiyatiga mamlakat ixtiyoridagi beqiyos boyliklarga avaylab munosabatda bo’lish g’oyasi butunlay yot edi. Aksincha, boyliklardan bunday foydalanish ikki tuzumning iqtisodiy musobaqasida mamlakatning asosiy dastagi, eksport imkoniyatlarining negizi bo’lib keldi» deb ta`kidlagan edi. Bunday xo’jalik yuritish tabiat va iqtisodga katta zarar keltirdi; yashash sharoitlarining noqulay sanitar-gigienik holatlarini keltirib chiqardi; ko’pincha ekologik muammolarni, jumladan Orol dengizi muammolarini vujudga keltirdi va murakkablashtirdi. «Asrlar tutash kelgan pallada butun insoniyat, deb ta`kidlaydi I.A.Karimov, - mamlakatimiz aholisi juda katta ekologik xavfga duch kelib qoldi. Buni sezmaslik, qo’l qovushtirib o’tirish o’z-o’zini o’limga mahkum etish bilan barobardir». Afsuski, hali ko’plar ushbu muammoga beparvolik va mas`uliyatsizlik bilan munosabatda bulmoqdalar va ekologik ta`limning umumiy darajasi hali yetarli emas, aholining ekologik madaniyati esa talabga javob bermaydi.
Muammoli ma`ruzalar to’plami oliy o’quv yurtlarida ta`lim olayotgan talabalar uchun ta`lim sohasidagi davlat standartiga ko’ra tayyorlangan. Muammoli ma`ruzalar to’plamida tabiatdagi dinamik va statik qonuniyatlar; organizm va muhitning o’zaro ta`siri; ekotizim va jamoalar; biosfera va uning rivojlanish qonuniyatlari; tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va tabiatni muhofaza qilishning ekologik negizlari; kelajakda jamiyatni barqaror rivojlantirish va bioxilma-xillikni saqlash, tabiatga zarar yetkazmaydigan texnologiyalarni yaratish masalalari yoritilgan.