Qon organizmning eng muhim to’qimalaridan biridir. Qon, limfa va to’qimalar aro suyuqligi organizmning ichki muhitini tashkil qiladi. Organizmning barcha to’qima va hujayralari fizik-kimyoviy xossalari va tarkibi nisbatan doimiy bo’ladigan ana shu suyuqliklarning muhitidagina normal yashay oladi. Issiq qonli (gomoyoterm) hayvonlar qoni uzoq davom etgan evolyutsiya mahsulidir. Oddiy bir hujayrali hayvonlarda qon yo’q. Ular hayoti uchun zarur moddalarni hujayra po’sti orqali oladi, chiqindi keraksiz moddalarni ham ana shu yo’l orqali chiqarib tashlaydi. Zoologik silsilaning pastki bosqichlarida turadigan hayvonlarning tomirlari ichida suvsimon suyuqlik-gidrolimfa oqadi.