Ota-ona haqida she'rlar to'plami, eng ta'sirli she'rlar
    
     
    Ota-ona haqidagi eng ta’sirli she’rlar, dil satrlari to’plami
Fayzidan xonadon orasta bo’lar,
 O’smalar qoshiga payvasta bo’lar.
 Gullar qo’llarida guldasta bo’lar,
 Bu o’zbek ayoli, o’zbek onasi.
Vafodor yoriga sadoqati bisyordir,
 Kimlar unga yor, kimlardir ag’yordir.
 U shunday oqila, shundayin yordir,
 Bu o’zbek ayoli, o’zbek onasi.
Kimlar ko’nglin olib qadriga yetar,
 Kimlardir xor qilib tashlab ham ketar.
 Farishtalar unga savoblar bitar,
 Bu o’zbek ayoli, o’zbek onasi.
Allomalar atab g’azallar bitgan,
 Sevganlar qo’liga gullarin tutgan.
 Ne — ne daholar ham yetolmay o’tgan,
 Bu o’zbek ayoli, o’zbek onasi.
  Ota
She’rni o’qish / Yashirish
 Men bulutni oq deb yuribman,
 Yuragingizbuncha oq ota.
 Rasiyada ishlab yuribman,
 Dunyo menga oyingoh ota.
Qalaysan deb so’raysiz holim,
 Har galgiday konglim chog’ ota,
 Ko’zmunchoglar bermasin onam,
 Xudo menga ko’zmunchog ota
Duolariz asraydi meni,
 Ko’nglim mangu yashar bog’ ota,
 Yolg’onlarga o’rgatmagansiz,
 Haqni izlab dilim tog’ ota.
Qaytkim kelar qishloqqa gohi,
 Buncha og’ir yashamoq ota,
 O’pib yashar oyogingizni,
 Tuproq mendan baxtliroq ota.
Tushlarimga kiring, dadajon
She’rni o’qish / Yashirish
 O’z-o’zimni pichoqsiz so’ydim,
 Yuragimni sog’inchdan o’ydim.
 Bu dunyodan juda ham to’ydim,
 Tushlarimga kiring Dadajon!
Meni yetim qilgan o’zingiz,
 Bir bor ko’ray qizil yuzingiz,
 Qayerlarda qolgan izingiz,
 Tushlarimga kiring Dadajon!
Menga ayting o’shal arzingiz,
 Tushunmabman sira dardingiz,
 Yomon o’tdi bugun qadringiz,
 Tushlarimga kiring Dadajon!
Dushmanlarga to’la koshonam,
 Vayron bo’ldi sizsiz koshonam,
 Bunchalar sho’r ekan peshonam,
 Tushlarimga kiring Dadajon..!!
Onasiz bu dunyo
She’rni o’qish / Yashirish
 Romolin kozinga surtsang ham,
 Suratin qolinga tutsang ham,
 Kelmagay asrlab kutsang ham,
 Onasiz bu dunyo qorongu…
Chidarman turli hil qiynoqqa,
 Boshimni toshga ham urmoqqa,
 Chidolmam onasiz yurmoqqa,
 Onasiz bu dunyo qorongu…
Onasini berib qo’yganlar
G’am yuziga inib ketadi,
 «Ona desang, tinib ketadi.
 Bir zarb bilan sinib ketadi,
 Onasini berib qo’yganlar.
Ilinadi oshu nonini,
 Bir ko’rishga berar jonini,
 Hidlab yurar to’n, ro’molini,
 Onasini berib qo’yganlar.
O’lmaydilar onalar atay
 Qismatimiz shu ekan netay
 Sizni qanday qilib yupatay
 Onasini berib qo’yganlar.
Onajon (Muhammad Yusuf)
She'rni o'qish / Yashirish
 Yetmish yulduz yog’ilib,
 Yarim oycha to’lolmas,
 Yeti yanga yig’ilib,
 Bitta ona bo’lolmas,
 Ona tirik eshikka
 G’urbat yaqin yo’lolmas,
 Mening esa, bag’rim qon,
 Vayronaman onajon.
Garchi biz yosh, g’o’r edik,
 Siz bor — biz ham zo’r edik,
 Bir mayizni besh o’g’il
 Teng bo’lishib yer edik,
 Goh talashsak, haq so’zni
 Onam aytsin der edik,
 Tushmi endi u zamon,
 Hayronaman, onajon.
Tirik yursa volidang
 Toqqa kuching yetarkan,
 Onang o’lsa, boshingdan
 Oftob o’tib ketarkan,
 Jindekkina alam ham
 Tog’dek botib ketarkan,
 Ko’ksim to’la ming armon,
 To’lg’onaman, onajon.
Onasiz uy — oysiz tun
 Ekan endi o’ylasam,
 Qalbni o’rtar dardlarim,
 Qay birini so’ylasam?
 Sizsiz ko’cham befayz,
 Halovat yo’q uyda ham,
 Farishtasi tark etgan
 Ostonaman, onajon
O’zing uchun o’l yetim!
 O’rda ham men, qirda ham.
 Ko’ylagimda tugma yo’q,
 Tugma bo’lsa, kir -yoqam.
 To’rt yangamga qo’shilib
 Turtkilaydi to’rt og’am,
 O’z uyimda jonajon,
 Begonaman, onajon.
Ko’ngil o’zin tutingan
 Bir mehribon qo’msaydi,
 Dunyoda bir odamga
 Siring aytib bo’lsaydi,
 Onasizni do’sti ham,
 Dushmani ham aldaydi,
 Ayting axir, men kimga
 Ishonaman, onajon?.
Yo’qligingiz qadamda
 Turar shunday bilinib,
 Non yopmaysiz tonglari
 Menga kulcha ilinib,
 Sarg’ayarman sarg’aygan
 Rasmingizga termulib,
 Ziyo istab zor qaqshar
 Parvonaman, onajon.
Uy to’rida tolbeshik —
 Akam yotgan, men yotgan,
 Sherdek-sherdek kelbatli
 Besh o’g’ilga asqotgan,
 Qaytib kirib bo’lsaydi
 Bo’lardim jon deb qaytgan!
 Men bu joyni hammadan
 Qizg’onaman, onajon.
Yashayapman sharpadek
 Sezilmay goh, sezilib.
 Gohi ko’kka intilib,
 Gohi yerga egilib,
 Sog’inganda she’r yozib
 Yuraklarim ezilib —
 El ichra bir shoiri
 Devonaman, onajon
Onajon Muhammad Yusuf
She’rni o’qish / Yashirish
 Topmoq — yo’qotmoqdir,
 Yo’qotmoq – topmoq,
 Sen so’lib,
 Men yashab,
 To’lishimga boq.
 Sensiz topganimdan
 Ko’proq yo’qotdim –
 Sen meni yupatding,
 Seni yig’latdim,
 Sen meni yaratding,
 Seni tugatdim.
 Uyalmay ONA deb,
 Kelishimga boq!..
 Sog’inch haqda she’rlar
 Yozdim o’zimcha,
 Mendan peshonangda
 Dog’lar tizimcha.
 O’g’il bo’lmay o’lay,
 Attang ming attang.
 Qiz tug’sang netardi,
 Ko’proq qiz tug’sang!..
 Tirgak bo’lolmadim
 Bitta qizingga
 Uyalmay shoirman
 Deyishimga boq.
 Joningdan aylanay,
 Turgil jonajon,
 Yo’l qarab bo’ldimi
 Jigarginang qon?
 Boqma, ko’zlarimga
 Bemajol, xasta,
 Mening topganlarim
 Gulmi bir dasta,
 Yo’qotganim senmi
 Endi ONAJON?..
 O’z etimni o’zim
 Yeyishimga boq.
 Bilsang yuragimni
 Bir alam elar.
 Buyursang qo’limdan
 Kelmaydi nelar,
 Ayt,
 Pichan yig’aymi,
 O’tin yoraymi,
 Yerni haydayinmi,
 Ko’k ag’daraymi?..
 Itdek oyog’ingga
 Suykalgim kelar –
 Uchib-uchib, mana
 Qo’nishimga boq.
 Hech narsa kerakmas,
 Bolam, hech deysan.
 Endi kech deysan-da,
 Endi kech deysan.
 Yuzimni bosaman
 Muzday yuzingga,
 ONAJON,
 Zor qilib ketma izingga!
 O’lim oldida ham
 G’amimni yeysan,
 Men-chi, jim, taqdirga
 Ko’nishimga boq.
 She’rim bitdi,
 Xayir,
 Do’stlar xush qoling.
 Bedil yashamakka
 O’rganmang menday
 Boring,
 Volidangiz
 Ko’nglini oling,
 Ertaga
 Kech qolib
 O’rtanmang menday.
Onaizor (Muhammad Yusuf)
She’rni o’qish / Yashirish
 Ko’nglim qolsa bulbuldan ham guldan ham,
 Qolar bo’lsam bir kun axir tildan ham…
 Agar bir zot yig’lasa chin dildan ham –
 Onam yig’lar, onam yig’lar, onam u…
Sig’may qolsam shunday keng bu jahona,
 Osmonlarga ruhim bo’lsa ravona,
 Jonsiz tanim ustida ham parvona –
 Onam yig’lar, onam yig’lar, onam u…
Tonar bo’lsa qo’limdagi tor, dunyo,
 Uch kun o’tmay unutgay do’st-yor, dunyo.
 Yeru ko’kni titratib zor-zor, dunyo –
 Onam yig’lar, onam yig’lar, onam u…
Gulday kulib yurmasmidi, o’g’lim deb,
 Ko’rib ko’nglim to’lmasmidi, o’g’lim deb,
 Onang o’lsa bo’lmasmidi, o’glim deb
 Onam yig’lar, onam yig’lar, onam u…
Ko’nglim qolsa bulbuldan ham guldan ham,
 Qolar bo’lsam bir kun axir tildan ham…
 Agar bir zot yig’lasa chin dildan ham –
 Onam yig’lar, onam yig’lar, onam u…
Ota (Muhammad Yusuf)
She’rni o’qish / Yashirish
 Armonim bor, bu dunyoda armonim bor,
 Qoq dalada o’tlar bosgan o’rmonim bor.
 Qizg’aldoqday boshim egik bu makonda,
 Yonib yashab o’tmagan otajonim bor.
Ota desam, bag’ri-dilim yonaverar,
 Kunim yonar, oyu yilim yonaverar,
 Mozoriga qo’ygan gulim yonaverar,
 Tutunlarga to’lib ketgan osmonim bor.
Esaversin jannatlardan kelgan nasim,
 Momo yerim, o’zingsan eng muqaddasim,
 Bag’ringda jim tinglab bu tun jon nafasim,
 Ruhimni allalab yotgan jahonim bor.
Odam bo’lib bir odamni tushunmaslar,
 Ko’zingda yosh ko’rib ham goh o’kinmaslar,
 Bosgan izim poylab yurgan ey, nokaslar,
 Qabrdan qo’l cho’zib turgan qalqonim bor…
Men otamdan qolgan erkin sado-sasman,
 Qonimga yot navolarga qayrilmasman,
 O’lgunimcha endi undan ayrilmasman —
 O’z otamdek bo’lib qolgan imonim bor.
Armonim bor, bu dunyoda armonim bor,
 Keng dalada gullar bosgan o’rmonim bor,
 Qizg’aldoqlar bosh egib qon yig’lab turgan
 Bu makonda mening ham nurjahonim bor.
Onamga (Muhammad Yusuf)
She’rni o’qish / Yashirish
 Oh, mening ortimdan ovvora onam,
 Bir parcha yuragi ming pora onam.
 Bir baloni ko’rib yorug’ dunyoda,
 Toshkanni ko’rmagan bechora onam,
 Bolang bo’lib bir bor boshlab keldimmi,
 Endi men ham senga o’g’il bo’ldimmi!..
Garchi bisotingda «bayram» so’zi yo’q,
 Bilaman, kutasan sandal to’la cho’g’,
 Menda yurak deganlarin o’zi yo’q:
 Men sovg’a bermagan qiz yo’q bu oqshom,
 Senga na gul berdim, na shirin kalom,
 Endi men ham senga o’g’ilmi, onam?..
Deysan: olislarda omon yursang bas,
 Yodingga tushsam goh yo’qlab tursang bas,
 Bolam, senga hamma qiladi xavas…
 Axir, mening dardim She’r emas faqat,
 Men mashhur shoirmas — mashhur beshafqat,
 Endi men ham senga o’g’ilmanmi, ayt?…
Sha’ningga she’r bitdim. U seni topsin,
 Poyingga tiz cho’kib, qo’lingni o’psin.
 Undan ham ulug’im borligin ko’rsin,
 Men uchun ham aziz holingni so’rsin,
 Sensiz g’arib ko’nglim ko’ngilmi, onam,
 Endi men ham senga o’g’ilmi, onam!..
Otam (Shukur Qurbon)
She’rni o’qish / Yashirish
 Ey umrim javhari davlatim Otam
 Dillari quyoshdur mehribon Otam
 Sizga izdoshdurman abadul-abad
 Shul sabab ko’nglim shod g’rurim Otam
 Bu dunyo sinovli yolg’onchi dunyo
 O’tgaydur umrlar misoli daryo
 Do’st degan ulfatim bo’lsada ammo
 Bo’lolmas siz kabi dartkashim Otam
 Sizning-la bordurman ichra keng jahon
 Shukrumni e’shitsin ul buyuk Rahmon
 Qalbingiz og’ritib bo’libman nodon
 Doimo kechirgan rahimli Otam
 Bog’ ichra gurkirar chamanzor ravon
 Tinmagay har nafas mehnatkash bog’bon
 Mehnat ila ayladiz siz meni inson
 Siz mening qo’li gul bog’bonim Otam
 Bilsangiz yurarman osmonda doyim
 Siz borsiz omondur ko’kdagi boshim
 Shubha yuq aytarman har yerda so’zim
 Tog’ kabi sarviqor osmonim Otam
 Joningizga jon bo’lolmas afsus bu jonim
 Bo’lsa e’di berardim sizga bor umrim
 Insho Olloh ko’rgaysiz gullagan bog’im
 Nuri ila yoritgan jahonim Otam !!!
Onajon (Abdulla Oripov)
She’rni o’qish / Yashirish
 Onam Turdi Erdona Karvon qizi xotirasiga
Necha kunki yo’q oromim
 Kelolmayman hushimga.
 Onajonim kechalari
 Kirib chiqar tushimga.
Qo’llarida oq elpig’ich
 Oy nurida yaltirar.
 Onajonim imlab meni
 Qoshlariga chaqirar.
Keltirarlar goho beshik
 Ko’zlarida hayajon.
 Yotar payting bo’ldi-ku der,
 Kela qol, der, bolajon.
Qaylargadir yuguraman,
 Fig’onimdan chiqar dud.
 Yig’lama, deb qo’llarimga
 Tutqazarlar so’ng tobut.
Tongda ruhsiz ko’z ochaman,
 Qovurilar tanda jon.
 Onajonim, bunday qilma,
 Bunday qilma, onajon.
Axir o’zing der eding-ku,
 Silab o’ksuk boshimni:
 — Endi senga bersin umr,
 Senga bersin yoshimni.
Afsus, o’zing erta ketding,
 Erta ketding olamdan.
 Ukalarim bag’rim ezar,
 Ajradik deb onamdan.
Bevaqt xazon bo’lmay har kim
 Yoshab o’tsin dunyoda.
 Onajonim, har kim oshin
 Oshab o’tsin dunyoda.
Garchi fano har kimsaga
 Azaliy bir qismatdir.
 Lekin, ona, tiriklik ham
 Bilsang, yarim hikmatdir.
Tushlarimda, mayli, boshim
 Silab turgin, onajon.
 Qolganlarga endi umr
 Tilab turgin, onajon.
O’zbek onasi (Abdulla Oripov)
She’rni o’qish / Yashirish
 Mushtipar ham o’zing, buyuk ham o’zing,
 Kuyinchak ham o’zing, kuyuk ham o’zing,
 Olamga tatirlik suyuk ham o’zing,
 Payt keldi aytmoqqa, gapning xonasi,
 Ey, o’zbek onasi, o’zbek onasi.
Seni To’maris deb, maqtaganim bor,
 Sen Temur beshigin tebratgan bedor,
 Sensan Bibixonim, Nodirai zor,
 Payt keldi aytmoqqa, gapning xonasi,
 Ey, o’zbek onasi, o’zbek onasi.
Vatanni Ona deb bekor aytilmas,
 Ona buyurganda yo’ldan qaytilmas,
 Sen o’zing Ka’bamsan, Baytul muqaddas,
 Payt keldi aytmoqqa, gapning xonasi,
 Ey, o’zbek onasi, o’zbek onasi.
Boshingdan nimalar o’tmadi axir,
 Vatandek taqdiring bo’ldi goh taxir,
 Bobur shoh bo’lsa-da, qoshingda faqir,
 Payt keldi aytmoqqa, gapning xonasi,
 Ey, o’zbek onasi, o’zbek onasi.
Kelajak toychog’u toyingizdadir,
 Jannat ham, albatta poyingizdadir,
 Vatan-ku, Siz turgan joyingizdadir,
 Payt keldi aytmoqqa, gapning xonasi
 Ey, o’zbek onasi, o’zbek onasi.
Sizga ta’zim qilib turibman bu payt
 Sizga baxshidadir eng shohona bayt,
 Aziz Yurtboshingga duolaring ayt,
 Payt keldi aytmoqqa, gapning xonasi
 Ey, o’zbek onasi, o’zbek onasi.
Otalar (Abdulla Oripov)
She'rni o'qish / Yashirish
 Otalar sha’niga loyiq so’z demoq
 Tabarruk bir kitob yozish bilan teng.
 Ularning mehri-ku,bamisli charoq,
 Bag’ri ham yulduzli osmon kabi keng.
Sharqona tashbehni olsam gar yodga,
 Bir nomi buzurgu bir nomi faqir.
 Zaminni kaftida tutib,avlodga
 Bus-butun yetkazgan otalar,axir.
Yuksak-yuksaklarga uchgan sor lochin
 Nazar uzmagandek polaponidan.
 Bardavom naslini asramoq uchun
 Axir ota qavmi kechgan jonidan.
Non,degan farzandning dardli xitobi
 Goh uni tiriklay chohlarga tiqqan.
 Bardoshli umrning zaqqum zardobi
 Sochlari qirovdek ko’pirib chiqqan.
Taxti Sulaymonddan balanddir beshak
 Ota deb atalgan martabayu baxt.
 Farzand bunyod bo’ldi,o’lim yo’q demak
 Otaning ilgida zamon bilan vaqt.
Men ko’kka termulib kutmasman madad
 Do’st izlab har yonda kezmasman sarson.
 Do’stu madadkor ham otadir abad,
 Shoni-shoning erur,armoni-armon.
Ona (Abdulla Oripov)
She’rni o’qish / Yashirish
 Kimdir savol berdi:-Aytgil, Muhammad,
 Yolg’iz sen Rasulsan butkul olamga.
 Kimga ko’p yaxshilik aylay, o’zing ayt,
 Ota-onamgami? Yoxud bolamga?
Rasul javob qildi: — Tingla birodar,
 Gapimni uch bora quloqqa ilgil.
 Imkon topa olsang dunyoda agar
 Eng avval onangga yaxshilik qilgil.
Bu hikmat sharhini o’yladim uzoq,
 Rostdan ona erur qiblai olam.
 Garchi barchamiz ham padarmiz, biroq
 Onadan tug’ilgan payg’ambarlar ham.
Ota duosi (Abdulla Oripov)
She’rni o’qish / Yashirish
 O’g’lim so’ramasman sendan mol-dunyo,
 Uy ham qurib berma, mayli, alomat.
 Mayli, ko’zlarimga bo’lmagil ziyo,
 Yonimda yursang bas sog’u salomat.
Mayli, ko’tarmagil meni yelkangda,
 Qalqon ham bo’lmagil yog’sa malomat.
 Bir kuni yostiqqa boshim tekkanda,
 Tepamda tursang bas sog’u salomat.
Farzand (Abdulla Oripov)
She’rni o’qish / Yashirish
 Bir kuni ranjitdi otani farzand,
 Ota o’z uyidan bosh olib ketdi.
 Lekin Alloh mehri bo’lib sarbaland,
 Ota Makkatulloh vasliga yetdi.
Ota fig’on chekdi Ka’ba qoshida,
 Go’yo unut bo’lgay alamlar bari.
 Najot charx ursa ham garchand boshida,
 Sira ketolmadi bir gapdan nari.
Ka’baga sig’inar ekan keksa chol
 Armonin oshkora aytdi olamga.
 Dedi:-Ibodatim bo’lsa ham uvol,
 Faqat saodat ber o’sha bolamga.
Yo’ldoshim onam (Baxtiyor Roziq)
She’rni o’qish / Yashirish
 Dunyoning zorini qilib yuribman,
 O’zimcha mardona bo’lib yuribman,
 Kim sabab bunchalar to’lib yuribman?
 Pariro’yim onam, Yo’ldoshim onam.
Onam bor deganda og’zim to’ladi,
 Onam bor deganda sozim to’ladi,
 Onam bor deganda yozim to’ladi,
 Boshimda gultojim, quyoshim onam.
U uchun bir nihol lola ekanman,
 Unib-o’ssin degan nola ekanman,
 Qirqqa kirganda ham bola ekanman,
 Parishonim onam, ko’z-qoshim onam.
Qanchalar kuylar bor onalar uchun,,
 Ham yorqin, ham jo’shqin yo ma’yus mahzun,
 Lek ona allasi baridan ustun,
 Nafaslari shirin, darddoshim onam.
Bolalikka qaytib, sho’x qo’shiq aytib,
 Yana chopsam edi boladek daydib,
 Yuragim quvonchni izlagan payti –
 Totli xotiralar eng boshi onam.
Panohlarim (Baxtiyor Roziq)
She’rni o’qish / Yashirish
 Baxtiyorman, ko’zlarimga dunyo kengdir,
 Duo bilan har kishining ishi o’ngdir,
 So’zlaringiz oltinlarga qadar tengdir,
 Mening uchun qiblagohim otajonim,
 Duogo’yim, nur panohim onajonim.
Mening mahzun, tag’in shodon kuyimdasiz,
 Nurli hayot tilab turgayen o’yimdasiz,
 Parvonasiz, har daqiqa o’yimdasiz,
 Tangridan baxt, tole’ so’rgan otajonim,
 Yoshligini menga bergan onajonim.
Qoshu ko’zim sizga o’xshar otamdirsiz,
 Tilimdagi ilk so’rog’im, onamdirsiz,
 Sizlar menga eng mo’’tabar olamdirsiz,
 Mening yo’lchim, soyabonim otajonim,
 Xushzabonim, mehribonim onajonim.
Oh urarman, qadringizga yetolmayin,
 Shirin so’zim sizga tuxfa etolmayin,
 Men bag’ritosh bo’ldimmikan oh shundayin,
 Yo’llarimga intizorim otajonim,
 Nuridiydam, yo’g’u borim onajonim.
Dadajon sizningsiz… (Baxtiyor Roziq)
She'rni o'qish / Yashirish
 Ulg’ayib boryapman, o’tmoqda umr,
 Bulutli taqdirlar to’ldirar sabrim.
 Hattoki huzurda qolmadi huzur,
 Ko’ksimni tepkilar jonlanib jabrim.
 Jabrning jangidan toqat toq ekan.
 Dadajon sizningsiz baxt yiroq ekan.
Ulg’ayib boryapman, o’tmoqda fursat,
 U qanday fursatki, bunchalar og’ir?
 YO ayting, holimni yutganmi qismat?
 Vo ajab, shum qismat har nega qodir.
 Qadridan qolsa qalb qatra dog’ ekan,
 Dadajon sizningsiz baxt yiroq ekan.
Mening ham o’ynoqlab kulgim keladi,
 Yuragim sevinib xush bo’lsa deyman.
 Ko’nglimda ko’rganim yulgim keladi,
 Ko’rganim qayg’uli tush bo’lsa deyman.
 Armonim tokaydir bu so’roq ekan,
 Dadajon sizningsiz baxt yiroq ekan.
Go’yoki sarobga aylandi olam,
 Qush bo’lib uchdimi umid shodasi,
 Onamlar aytadi, o’kinma bolam,
 O’kinma, taqdirning shu irodasi.
 Menku men, onamda dard qandoq ekan?
 Dadajon sizningsiz baxt yiroq ekan.
O’tmoqda zalvorli fasllar hanuz,
 Birgalik chog’larim eslab yashayman.
 Yodimda tiriksiz kechayu kunduz,
 Men sizni hamisha qumsab yashayman.
 Sog’inchdan dunyo ham bir ovloq ekan,
 Dadajon sizningsiz baxt yiroq ekan.
Ulg’ayib boryapman, xayolim miskin,
 Shu xayol sababli dil titroq ekan.
 Tunda oy, kun quyosh bermaydi taskin,
 Faqatki she’rlarim bir o’rtoq ekan.
 Aslida bo’z tuproq baxtliroq ekan,
 Dadajon sizningsiz baxt yiroq ekan.
Ikki qo’rg’on (Guljamol Asqarova)
She'rni o'qish / Yashirish
 Onang ketsa savlatlaring ketgaydir,
 Otang ketsa davlatlaring ketgaydir.
 Shu ikkala qo’rg’oningdan ayrilsang,
 Manglaydagi zar xatlaring ketgaydir.
Otasi yo’q cho’lda qolgan giyohday,
 Onasi yo’q rangi ro’yi siyohday.
 Kimning agar qo’rg’onlari yiqilsa,
 To’rt tomondan to’rt ming ozor yetgaydir.
Nari borsa to’rt yil kutar dildoring,
 O’n yil kutar sadoqatli do’st-yoring.
 Lekin otang sabr toshga aylanar,
 Onang qirq yil ko’z yummayin kutgaydir.
Otang o’lsa, o’ldi dema hayot u,
 Ko’ksingdagi so’nmaydigan bayot u.
 Nogoh agar yo’llaringda qoqilsang,
 Onang ruhi qo’llaringdan tutgaydir.
Boshingga ish tushganida sinab ko’r,
 G’amingga g’am qo’shganida sinab ko’r.
 Kimlaringdir sen deb ko’z yosh yutar lek,
 Otang qilich, onang qonlar yutgaydir.
Shon-shuhrating ketsa ketar do’stlaring,
 Mol-davlating ketsa ketar do’stlaring.
 Otang-onang qolar senla, qolgani
 Shunchaki… ko’changdan bir-bir o’tgaydir.
Yig’lab turib hattoki kulding
She'rni o'qish / Yashirish
 Nimadir u, ko’zingga kelgan,
 Xayolingga, ona, ne keldi?
 Yig’lab turib hattoki kulding,
 Nimadir u, ko’zingga kelgan?
Menga juda o’xshaydi, ona,
 Ko’zlaringda yaltiragan yosh.
 Menda o’sha ko’zu, o’sha qosh,
 Menga juda o’xshaydi, ona.
Ona, uni to’kma, iltimos?
 Ko’zlaringdan to’kilay agar.
 Sevinchingdan bermasam xabar,
 Ona, uni to’kma iltimos.
Onalik sehri (Nafosat Sodiqova)
She'rni o'qish / Yashirish
 Sizning so’zingizda ajib ma’no bor,
 Bag’ringizga tortar so’zingiz sehri.
 Men bildim sizningsiz keng duyo ham tor,
 Jo’shar qalbingizda onalik sehri.
Shoir qizim deysiz, sho’h qizim deysiz,
 Onajon erkalang olam quchaman.
 Issiq yuzim deysiz, yulduzim deysiz,
 Yuksak parvoz tilang baland uchaman.
Orzularim ro’yob duo qilsangiz,
 Doimo yo’limda bo’lgaydir madad.
 Qalbimda bir istak agar bilsangiz,
 Allohim asrasin sizni toabad.
Onajonim mening, oftobim mening,
 Aytay boringizga ming bora shukur.
 Mehribonim, mohim, tobonim mening,
 Bosh egib aylayin sizga tashakkur.
ONAga talpinib…
She'rni o'qish / Yashirish
 Bir mehring olamni to’ldirib turar,
 Bag’ringdan hayotga talpinib keldim.
 Bir dunyo bolalik sho’xliklarimni,
 Onajon, qoshingga etaklab keldim»¦
Kitobni ushlatib, maktabga eltding,
 Maktabdan har kuni uy tomon yeldim.
 Gohida bir maqtov, gohida tanbeh,
 Onajon, qarshingga yetaklab keldim»¦
Faxr-la, g’urur-la oq yo’l tilading,
 Ilm deb eng katta shaharga keldim.
 Har safar «œDunyoda sendan ulug’ zot,
 Onajon, also yo’q!», demak-la keldim…
Fashist-la kurashib, qo’ldan ayrildim,
 Afg’onda oyoqning qadrini bildim.
 Bir nidong doimo chorladi meni —
 Onajon, huzringga emaklab keldim»¦
Bir shirin so’zingiz
She'rni o'qish / Yashirish
 Ko’zlaringiz tushimga kiribdi bugun
 Soginibman sizni, juda onajon!
 Bo’sh qalbimga joylashdi motamsaro tun
 Ovozingiz yuragimga kiribdi shu on…
Bu erlarda yuribman, nimalar izlab?!
 Issiq qo’llaringiz qumsar dimog’im
 Talpinadi yurak nimalar istab?!
 Bir shirin so’zingiz istar qulog’im..
Onamni sog’inib (Xosiyat Bobomurodova)
She'rni o'qish / Yashirish
 «Bir pasgina yonimda o’tir,
 Bir kungina yotib ket, qizim»
 Atrofimda aylanib gir-gir,
 Takrorlardi onam shul so’zin.
-Bu gal, -derdim yuragim toshib,
 -Endi kelsam qolaman, ena…
 Shafqati yo’q bu kunlar shoshib,
 Meni olib ketardi yana.
Topganini tuguncha qilib,
 Qo’llarimga tutqazar edi.
 Meni zo’rg’a bag’ridan yulib,
 Mashinaga o’tqazar edi.
Bazmlarga topar edim vaqt,
 She’r o’qirdim yona va yona.
 Davralarni bilar edim baxt,
 Sizga vaqtim yo’q edi, ena.
Siz tog’imni cho’ktirib qo’yib,
 Ketar edim toqqa, lolaga.
 Sizga azob chektirib qo’yib,
 Yayrar edim yashil dalada.
Majnuntolday egdirib Sizni,
 Ketar edim terak bo’lay deb.
 Sizdan ayab bir tunlik so’zni,
 She’r yozardim yurak bo’lay deb.
Chaqqon edim, roziydi mendan,
 Ham uy, ham ish, ham majlisxona.
 Shunchalar band edim-ki, chindan,
 Sizga vaqtim yo’q edi ena.
Kechiksam, ish kechirmas edi,
 Koyinardi kechiksam, uyim.
 Davralarning chiqardi dudi,
 Faqat enam kutar edi jim.
Sha’n davralar ketdilar tarqab,
 Bayramlari mensiz ham obod.
 Goh dardlarim yig’ilar qop-qop,
 Yolg’izlikdan solgim kelar dod.
Shunday g’amlar bo’lar ekanki,
 Tushunmas ekan onangdan boshqa.
 Tinglamaydi seni birovlar,
 Boshlaringni ursang ham toshga.
Qabringizga chopaman bot-bot,
 So’zlashay deb qona va qona.
 So’ramaysiz holimni xayhot,
 Endi Sizda vaqt yo’qdir, ena…
Mehribon onam (Mashrab)
She'rni o'qish / Yashirish
 Jamoling ko’rgali keldim, ayo ey mehribon onam,
 Mening uchun ado bo’lg’an yuragu bag’ri qon onam.
Xo’tan dashtiga tushtum bul falakning gardishi birlan,
 Eshitkil arzi holimni, men aytay senga, jon onam.
Ajoyib mehribonimsan, meni oromi jonimsan,
 Murodi du jahonimsan, bihishti jovidon onam.
Meni bir jodu ko’zluk bul jahon ichra xarob etti,
 Qadi sarvu sanavbar, qoshlari misli kamon, onam.
Boshimga tushti bul savdo, bo’lubman bulbuli shaydo,
 Shabistoni jahonda qumridek shakkarfishon onam.
Bu ishq o’ti xarob etti, yurak-bag’rim kabob etti,
 Meni xoki turob etti yuzi mohi tobon onam.
Seni ko’p intizor ettim firoq o’tig’a, ey Ka’bam,
 Tavofi Ka’bayi maqsuda keldim, dilkashon onam.
Iloho, avf qilg’aysan bu Mashrabning gunohini,
 Tufayli onayi zorim, g’aribu notavon onam.
Onam yodi (Halima Hudoyberdiyeva)
She'rni o'qish / Yashirish
 Bolaligim. Avji saraton
 Dala. Tog’u toshlar kuymakda.
 Onam ishga otlanadi tong,
 Rangi o’ngib ketgan ko’ylakda.
Naq taqimda sochini sochib,
 Boyovutning shamoli sang’ir.
 Vafo qildi birgina sochi
 Eplayolmay ro’molda tang’ir.
Borar baland bo’yli, kulcha yuz,
 Bo’y-bo’y juvon, sirli siyoqda.
 Suyolmadik uni qilcha biz
 Xudo suysin endi u yoqda.
Eshitaman tovushlarini
 Borar jannat malaklariday.
 Tuproq to’la kovushlari-yu
 Rangi o’nggan ko’ylaklarida…
Ruhim ko’taradi bayroqlarini…
 Dunyo kambag’alni kamsitib, g’ajib
 Tag’in boyitarkan boyroqlarini
 Ruhim olib qo’yar boshimdan tojni
Baxtimiz — Onajon…
She'rni o'qish / Yashirish
 Tunda yozibman kimgadur she’rlar
 Kimgadur o’zimni bag’ishlab har on
 Muhabbat desalar berardimku jon
 O’shanda unutdim sizni onajon.
Do’stimga ishonib sirim ham aytdim
 Dushmanni hamma vaqt do’stim deb bildim
 Yomonlik, razillik barchasin qildim
 Sizni o’ylamadim bir dam onajon.
Do’st sirimni olamga yoyib ham bo’ldi
 Ishonganim ustimdan kulib ham bo’ldi
 Nahotki quvonib yi’glagan chog’da
 Sizni o’ylamadim bir dam onajon.
Yuz o’girdi hatto o’z Do’stim
 Va’dasin unutdi bevafolar ham
 Boshimga tushdiku malomat toshi
 Yolg’iz boshginamda yig’ladi onam.
Ko’zimni ochib qarasam shu choq
 Yig’lab turar munis bir inson
 Ko’zlaridan tutib so’rayman
 Gunohkor o’g’lingni kechir ONAJON!..
Onajonim, sizga to’ymadim!
She'rni o'qish / Yashirish
 Beshigimni quchoqlab yotgan
 Shirin-shirin allalar aytgan
 Sabo yanglig o’pib uyg’otgan
 Onajonim, sizga to’ymadim!
Siz ketdingiz, manzil- lomakon
 Hamma ketar, ketar begumon
 Ammo qoldi dilda bir armon:
 Onajonim, sizga to’ymadim!
Yo’lingizda ko’zlarim qoldi
 Aytilmagan so’zlarim qoldi
 Ko’zimda yosh, bo’zlarim qoldi
 Onajonim, sizga to’ymadim!
Der edingiz: «œOna qo’rg’oshin
 Erib ketar ko’rsa ko’z yoshing»
 Toshdan bo’lsin derdingiz boshing
 Onajonim, sizga to’ymadim!
Orzulagan kunlariz keldi
 Siz aytgan ul qut fayz keldi
 Lek tilim lol dil ma’yus keldi
 Onajonim, sizga toymadim
Yashayapman yaxshi yo yomon
 Boshga tushsa ko’narkan inson
 Mehringizga tashna bo’ldi jon
 Onajonim, sizga to’ymadim!
Umid birlan yashaydi banda
 Eh, ochilib bu sirli parda
 Ko’rishtirsin endi mahsharda
 Onajonim, sizga to’ymadim!
Ota — ona duosi (Safo Ochil)
She'rni o'qish / Yashirish
 Olmasam gar ko’nglim to’lmas,
 Ota — onam duosini.
 Olmasam gar yo’lim bo’lmas,
 Ota — onam duosini.
Qayda bo’lmay yo’qlagayman,
 Mehrin asrab saqlagayman,
 Axir, qanday oqlagayman,
 Ota — onam duosini.
Umrim bo’yi g’amin yerman,
 So’zin durga alishtirmam.
 Siymu zardan ortiq derman,
 Ota — onam duosini.
Safo Ochil, holin so’rgum,
 Mudom boshim egib turgum,
 Qancha bo’lsa ham oz ko’rgum
 Ota — onam duosini.
Ona
She'rni o'qish / Yashirish
 Eng ulug’lardan ulug’ insonlar insoni ona!
 Oyu kundan ham munavvar husni nuroniy ona!
Mehribonlar mehriboni yaxshilarning yaxshisi,
 Mehru shafqat olamining yuksak osmoni ona!
Garchi nomidir ayolu qudratidir bemisol,
 Tarbiyat mulkin zabardast mardi maydoni ona!
Qalbi daryo, oliyhimmat, har saxiydan ham saxiy,
 Ya’ni g’amxo’rlik diyorin toza vijdoni ona!
Bag’ri bog’ sahniyu, farzand sunbulu rayhonu gul,
 Bu hayot dunyosining eng katta bog’boni ona!
Arzimas bir jon uni ming jon fidosi bo’lsa ham,
 Sadqai farzandlarin har lahza qurboni ona!
Onadek farzandin qadriga yetar olamda kim?
 Har qadrdondan qadrdonroq qadrdoni ona!
Yaxshi farzand onasin aylar rizo, aylar rizo,
 Davlati ham baxti ham, darmoni ham joni ona!
Onajon deb sayragay qushlar chamanda, Chustiyo,
 Sayragin bulbul dilimning she’ru dostoni ona!
Onam — a (To’lan Nizom)
She'rni o'qish / Yashirish
 Sendan o’zga mehribonni ko’rmadim,
 Sensiz yorug’ bu jahonni ko’rmadim,
 Sendan buyuk or-vijdonni ko’rmadim,
 Sensiz to’kis yer-osmonni ko’rmadim,
 Bugun yana yodga tushgan onam — a.
Ko’rishamiz, bolam, qiyomatda deb,
 Yig’layverma, bo’tam, nadomatda deb,
 Sen yakkasan, yasha diyonatda deb,
 Umring o’tkaz halol, ibodatda deb,
 Bildirmasdan mendan qochgan onam — a.
Ulushing bor dasturxonda, o’zing yo’q,
 Ko’z oldimda surating bor, so’zing yo’q,
 Ko’zlarimga qarab turgan ko’zing yo’q,
 Yig’lamagan o’g’ling hamda qizing yo’q,
 Ro’zg’orimda shamday o’chgan onam — a.
Ertayu kech o’gitlaring tilimda,
 Hasratlaring ko’zimdagi selimda,
 Ko’pga qilgan onaliging elimda,
 Sen bog’lagan shohi belbog’ belimda,
 Kelmaslikka qushday uchgan onam — a.
Sendan qolgan uyni obod ayladim,
 Suting haqqi, ruhingni shod ayladim,
 G’arib edim, o’zni kushod ayladim —
 Yolg’izingni uch pahlavon ayladim,
 Yurtga uchta o’g’il qo’shgan onam — a.
Ko’rganingda bo’lar edi — shu alam,
 Dunyo ishi shundoq ekan, biri kam,
 Shu boisdan yig’lab o’tar el-olam,
 Armonlaring mana men tutgan qalam —
 Shoir bo’lib qaynab-jo’shgan onam — a.
Yaratgansan piri imonim bo’lib,
 Qaratgansan tabib insonim bo’lib,
 Yayratgansan bog’u bo’stonim bo’lib,
 Sayratgansan ulug’ Turonim bo’lib,
 O’zbekiston kabi quchgan onam — a.
Onam surati (To’lan Nizom)
She'rni o'qish / Yashirish
 Bugun yana termulaman, Onajon,
 Sen tomonga intilaman, Onajon,
 Aytgil, endi ne qilaman, Onajon,
 Ne o’tganin men bilaman, Onajon,
 Sado chiqmas, sog’inaman, surat jim.
Shoir bo’ldim hasratingni aytgani,
 Armoningni men bolamga bitgani,
 Vaqtim yetmas uxlagani, yotgani,
 Opam kelar yig’l;ab-yig’lab ketgani,
 Siqilaman, o’kinaman, surat jim.
Ziyoratga bordim kecha qabringga,
 Zor yig’ladim, kirolmadim bag’ringga,
 Rahming sira kelmasmi sag’iringga,
 Bilasan-ku, tayyor edim amringga,
 Yolvoraman, o’tinaman, surat jim.
Mehnat bilan endi topdim e’tibor,
 Bunyod, Ozod o’g’lim va to’rt qizim bor,
 Men yashayman izlaringga intizor,
 Sog’inganda O’zbekiston menga tor,
 Yurak bosib yutinaman, surat jim.
Ko’z yoshim —suv, bog’ unar chaman-chaman,
 Oq suting deb ilhomimni ichaman,
 Sen — Turkiston, Ona-Yer, Ona-Vatan,
 O’zingdadir, o’zing bergan jonu tan,
 Bosh qo’yaman, sig’inaman, surat jim.
Onamga deb…
She'rni o'qish / Yashirish
 Bozorlardan savdo qildim bolamga deb ,
 Shirinligu novvot oldim bolamga deb ,
 Go’zla gullar sarpo oldim yorimga deb ,
 Men bag’ritosh nima oldim onamga deb,
Hashamatli uylar qurdim bolam uchun ,
 Dabdabali to’ylar qildim bolam uchun ,
 Oyoq osti qo’ylar so’ydim kimlar uchun ,
 Men notavon nima qildim onam uchun
 Yolg’izgina bir mehribon onam uchun .
O’zi yemay yedirgan ham onam edi ,
 O’zi kiymay kiydirgan ham onam edi ,
 Bu dunyoda chin do’stim ham onam edi .
 Menga chin do’st chuyanchig’im onam edi ,
 Farzand bolib nima oldim onamga deb ,
 Men bag’ritosh nima oldim onamga deb .
 yolg’izgina mehribonim onam uchun «¦»¦»¦..
Duogo’yim Onamni
She'rni o'qish / Yashirish
 Yetim farzandingga quloq sol dunyo ,
 Kechalar to’lg’onib yig’lab yotaman ,
 Bir kun baht omadni toparman ammo ,
 Duogo’y onamani qaydin topaman.
Do’stlar kelib ketar halol va sotqin ,
 Alardan goh shodlik jabr tortaman ,
 dushman ham do’stimga aylanar lokin ,
 duogo’y onamni qaydin topaman .
Bir kun sekinlashar hayot kemasi
 Nogoh langar tashlab suvga botaman ,
 Yuzimga urilsa o’lim sharpasi
 Duogo’y onamni qaydin topaman.
Fano sayri tugab qil ko’prik bu dam ,
 Gunohim ko’p manim qandoq o’taman,
 Ey,voh ey sadoyi gunohkor bo’lsam ,
 Duogo’y onamni qaydin topaman .
 Duogo’yim «¦»¦.onamni men qaydin topaman «¦»¦»¦»¦
Onamning qo’llari (Dilshod Rajab)
She'rni o'qish / Yashirish
 Keltiray bir ta’rifin onamning qo’llarini,
 Ham habib, ham tabibim — onamning qo’llarini.
Ko’targan ro’zg’or yukin, qilt etmay biror tuki,
 Ham buyuk, ham suyukli onamning qo’llarini.
Kaftida tutgan bizni — besh o’g’il, ikki qizni,
 Quyoshday issiq yuzi onamning qo’llarini.
Biz deb o’t — suvga kirgan, nonlar yopib, kir yuvgan,
 Qattiqligi temirdan, onamning qo’llarini.
Goh suyib, goh alqagan, oq yuvib, oq taragan,
 Kunimizga yaragan onamning qo’llarini.
Soyabon panoh bo’lgan, kaftlari qadoq bo’lgan,
 Oling «œsadqa — sadoq» bo’lgan onamning qo’llarini.
Goho tushimga kirgan, ko’z yoshim artib turgan,
 So’rang men musofirdan onamning qo’llarini.
Bargday titradim yozib, go’yo bag’rimga bosib,
 Novdaday ozgan, nozik onamning qo’llarini.
Sizlar — aka-ukalar,
 Tizlar bukib — cho’kkalab,
 Ko’zga suring siypalab,
 Xohi shom, xoh ertalab,
 Bolangizday erkalab,
 Onamning qo’llarini,
 Onamning qo’llarini!
Qalqonim ota (Mahmud Asror)
She'rni o'qish / Yashirish
 Yelkangiz o’parkan quyosh ham bota,
 Qarshilab barchani bir-bir uyg’ota,
 Bolangiz ko’ngliga paxtadan yumshoq,
 Temirdan qattiqroq qalqonim, ota!
Zalvorli yuklar-da yuqtirolmas gard,
 Oldingizga tushmas biron bitta mard.
 Zardobga aylangan ichga yutar dard,
 Yurakdan portlagan vulqonim, ota!
Gullar titrasada bo’ston vahmida
 E’zozlab yashagay sizni rahmida!
 Biz deya hayotning achchiq sahnida
 O’zin yer aylagan osmonim, ota!
Bolam deb nigohi g’unchadek so’lgan,
 Og’ir sinovlarda ne bo’lsa-bo’lgan…
 Yuzi qayg’ursa-da, ko’zlari kulgan
 Jannat hidi kelar rayhonim, ota!
Biror lug’ati yo’q yig’lab nolishda,
 Asta hordiq olgan qattiq bolishda!
 Qalbida erkalab, yig’lagan tushda
 Yillarga ulg’aygan armonim, ota!
Sizga men shu bukun qo’shig’im aytdim,
 Qadringizni o’ylab hovliga qaytdim,
 Mehringizda qolgan bo’lsa gar qaytim,
 Men uchun bir umr darmonim ota!
Onam
She'rni o'qish / Yashirish
 Men nima topibman,dunyoga kelib?
 Sizdan-da sevimli,sizdan-da aziz.
 Ko’z-ko’z qilmoqlikka,maqtashga arzir,
 Savlatim ham sizsiz,davlatim ham siz!
Oftobim onama,oyim onama,
 Nomusim onama,orim onama!
Bedor o’tqazgan har tuningiz haqqi,
 Meni deb kuyingan kuningiz haqqi.
 Oylaringiz haqqi,yilingiz haqqi,
 Sizga fido bo’lsin,jonim onama!
Oftobim onama,oyim onama,
 Dardlarim oqizar,soyim onama!
Sizdan boshqa xarkim aldagani rost,
 Alam quzg’un bo’lib talagani rost.
 Yer bosib yuribman,osmonni ko’rib,
 Sizni duoingiz asragani rost!
Kuni kecha bilib-bilmay ranjitib qo’ydim.
 Bugun ich-ichimdan afsuslansam kam!
 Negadir,negadir uzrlarga tilim bormadi.
 Ertaga,ertaga ruhim tilga kirganda qanday javob beraman?
Onamsan! Onamsan! Qalbimni mehringga to’ldir,
 Garib farzandingga shuldir inoyat!
 O,munosib kuyching bo’lish mushkildir.
 Seni kuylamaslik esa jinoyat!!!
Ota-ona g’animat
She'rni o'qish / Yashirish
 Hayot karvonini tortib o’tamiz
 Umrni sarhisob qilib o’tamiz
 Kimnidir dunyoda aldab o’tamiz
 Bu dunyoda bormi o’zi diyonat
 Ey birodar ota-onang g’animat
Inson yashar yolg’on kunning ostida
 Inson yashar qil ko’prik ustida
 Inson yashar ko’cha-ko’yning qo’ynida
 Topgan boylik molu-dunyong xiyonat
 Bu dunyoda ota-onang g’animat
Ba’zan do’stdan chiqib qolar dushmaning
 Ko’zlab urar yashnab turgan chamaning
 Agar bo’lsa sevgan yoring yomoning
 Ota-onang yonidasan xijolat
 Bu dunyoda ota-onang g’animat
Otang hayot xonadoning charog’on
 Onang hayot baxting to’kis farovon
 Ular borki bosgan qadaming ravon
 Har ne borki saqlay olgin qanoat
 Bu dunyoda ota-onang g’animat
Mehr bergin ayolingga, gulingga
 Mehr bergin ,farzandlaring yo’lingga
 Mehr bergin jigaring-u qoshningga
 Atrofingda yaqinlaring tumonat
 Bu dunyoda ota-onang g’animat
Farzand uchun yemagan-u yedirgan
 Dilband uchun kiymagan-u kiydirgan
 Qaro ko’zim kam bo’lma deb o’stirgan
 Ular uchun qilolmasak inoyat
 Bu dunyoda ota-onang g’animat
Yashayapsan bu dunyoda kimni deb
 Olomasang duosini onam deb
 Tiriklikda yo’qlolmasang otam deb
 O’tgandan so’ng qilma bekor dod -faryod
 Tushun axir ota-onang g’animat
Hayot bo’lsa kimning onasi
She'rni o'qish / Yashirish
 Do’ppisini otsin osmonga,
 Ko’zi kulib boqsin zamonga..
 Qo’lin butun uzatsin nonga ,
 Hayot bo’lsa kimning onasi..
Sovqotmaydi qor bo’ronda ham,
 Qoqilmaydi tosh yo’llarda ham..
 Turtolmaydi xech bir muttaham,
 Hayot bo’lsa kimning onasi..
Yulishmaydi nohaq bir patin,
 Yaxshi bo’lar doim ulfati..
 Issiq turar doim ovqati,
 Hayot bo’lsa kimning onasi..
Mehr izlab ko’chib yurmaydi,
 O’z uyida cho’chib yurmaydi..
 Rangi quti o’chib yurmaydi,
 Hayot bo’lsa kimning onasi..
Farzand uchun ona bir me’mor,
 Poyidadir jannat onaning..
 Yetsin uning qadriga faqat,
 Hayot bo’lsa kimning onasi..
 2022-08-27 21:59:02